Nukus aeroporti Rigadan qoramol olib kelgan ilk yuk reysini qabul qildi
11 noyabr kuni Fly Khiva Rigadan Nukusga 119 bosh angus va auliekol zotli qoramolni olib keldi. Hayvonlar Oʻzbekiston boʻylab keyingi tashish uchun olib kelindi.

Partiyaning umumiy ogʻirligi 39,5 tonnani tashkil etdi. Hayvonlar yuk tashuvchi Boeing 767 samolyotida olib kelindi. Bu Latviya hududidan qoramol olib kelgan Nukus aeroporti uchun ilk reys boʻldi.
Tashuvni Fly Khiva, Uzbekistan Airports va Riga xalqaro aeroporti tashkil etdi. Nukus aeroporti mutaxassislari havo kemasiga xizmat koʻrsatdi, hayvonlarni tushirdi va ularni Oʻzbekiston hududi boʻylab keyingi tashish uchun topshirdi.
Barcha ishlar veterinariya talablari va biologik xavfsizlik meʼyorlariga rioya qilingan holda bajarildi. Uzbekistan Airports kompaniyasi bunday yukni qabul qilish mintaqada xalqaro havo yuk tashuvlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi, deb hisoblaydi. Kompaniya yangi yuk oqimlarini jalb etish hamda mamlakat aeroportlarining logistika imkoniyatlarini kengaytirishni davom ettirmoqda.






