Yevrokomissiya UniCredit va Commerzbank birlashuviga ruxsat berdi
Yevrokomissiya UniCreditʼning Commerzbankni qoʻshimcha shartlarsiz sotib olishiga ruxsat berdi. Komissiya Germaniya bank xizmatlari bozorida raqobatga tahdid koʻrmadi.

Yevrokomissiya UniCredit Commerzbankdagi ulushini 47,59 foizga yetkazganidan soʻng bitimni shartlarsiz maʼqulladi. Komissiya bahosiga koʻra, birlashuvdan keyin banklarning Germaniya bozoridagi ulushi moʻtadil darajada qoladi, har bir segmentda esa ularning bir nechta yirik raqobatchisi boʻladi.
Yevropa Ittifoqining antimonopoliya huquqi boʻyicha komissari Tereza Ribera xalqaro birlashuvlar banklar samaradorligini oshirishi va iqtisodiy zarbalarga yaxshiroq bardosh berishiga yordam berishi mumkinligini aytdi. Yevrokomissiya, shuningdek, kuchliroq banklar Yevropa kompaniyalari va oilalarini qoʻllab-quvvatlay oladi, deb hisoblaydi.
Germaniya moliya vaziri Lars Klingbayl bitim uchun shartlarni ilgari surdi. Ular qatorida Commerzbank aksiyalarining birjada roʻyxatda qolishi, bosh qarorgohning Frankfurt shahrida saqlanishi hamda Germaniyaning oʻrta biznesini mamlakat ichida va xorijda moliyalashtirish davom etishi bor. Germaniya rasmiylari avvalroq birlashuvga qarshi chiqqan edi.
Noyabr oyi boshida UniCredit birlashuvni noyabrda yakunlashni, Commerzbankning yangi rahbariyatini esa 2027 yil boshida tayinlashni kutayotganini maʼlum qilgan.






