Netflix Yevropaga 13 mlrd yevrodan ortiq sarmoya kiritmoqda va mahalliy kontentga yondashuvini qayta koʻrib chiqmoqda
Netflix soʻnggi oʻn yil ichida Yevropaga 13 mlrd yevrodan ortiq sarmoya kiritdi va 2028-yilgacha Ispaniyaga yana 1 mlrd yevro investitsiya qilishga vaʼda berdi.

Yevropalik tomoshabinlar uchun kontentni hozir oʻnta mintaqaviy jamoa shakllantirmoqda. 2019-yildan beri ularga Amsterdamdan EMEA mintaqasida kontent yoʻnalishi rahbari Larri Tants boshchilik qilib kelmoqda.
Tants Euronews Business telekanalining The Big Question dasturida Netflix albatta global xit yaratishni maqsad qilmasligini aytdi. Kompaniya muayyan auditoriya uchun haqiqiy va oʻziga xos hikoyalarga tayanadi: agar hammani rozi qilishga urunilsa, oxir-oqibat loyihani hech kim tomosha qilmaydi. Bunga «Kalmarlar oʻyini» seriali misol boʻla oladi: u aynan yaqqol koreysona xususiyati tufayli butun dunyoni zabt etdi. Tantsning soʻzlariga koʻra, platformaning har bir xalqaro xiti avval oʻz mamlakatida tomoshabinlar eʼtiborini qozongan.
Bu yondashuv oʻzini oqlamoqda: oʻn yil avval tomosha qilish vaqtining 10 foizidan kamrogʻi ingliz tilida boʻlmagan kontentga toʻgʻri kelgan boʻlsa, bugun bu koʻrsatkich uchdan biridan oshadi.
Shu bilan birga, Tants Yevropadagi tartibga solish siyosatini tanqid qildi. Uning fikricha, investitsiyalar boʻyicha qatʼiy majburiyatlar tavakkal qilish istagini susaytiradi va kompaniyalarni tomoshabinlar koʻrishni istamaydigan loyihalarga sarmoya kiritishga majbur qiladi.






