AI siqib chiqargan startap robotlarni oʻqitish uchun texnologiyasini qayta ishlab, $10 mln jalb qildi
Physicl startapi Inovia Capitalʼdan seed raundida $10 mln investitsiya oldi. Kompaniya robotlar va fizik sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun realistik simulyatsiyalar hamda maʼlumotlar yaratadi.

Startap mashinalar real vazifalarni yaxshiroq bajara olishi uchun raqamli muhitlarni geometriya, materiallar va fizika nuqtayi nazaridan aniqroq qilishni maqsad qilgan.
Physicl asoschisi va CEOsi Aleks de Vigan bundan avval nfinite kompaniyasini oʻn yil davomida rivojlantirgan. Kompaniya brendlar va riteylerlarga onlayn vitrinalar uchun mahsulotlarning 3D modellarini yaratishda yordam bergan, biroq generativ AI tarqalishi bilan eʼtiborini tasvirlarga qaratgan. De Vigan toʻplangan texnologiyalardan fizik makonlarni modellashtirish uchun foydalanishga qaror qilgan.
Robot ishlab chiquvchilar videolar asosida oʻqitish samaradorligining cheklangani va masofadan boshqaruvchi operatorlar yordamida maʼlumot toʻplashning yuqori xarajatlariga duch kelmoqda. Raqamli simulyatsiyalar muqobil yechim hisoblanadi, biroq ularni real dunyoga yetarlicha oʻxshatish qiyin. Physicl bu muammoni, jumladan, modellarni noodatiy vaziyatlar asosida oʻqitishda ham hal qilmoqchi.
Startap 10 000 ta 3D muhit va 100 000 ta obyektni oʻz ichiga olgan Studio mahsulotini chiqardi. Foydalanuvchi sahnalarni yigʻishi va muayyan vazifalar uchun sintetik maʼlumotlar yaratishi mumkin. Masalan, bu maʼlumotlar tartibsiz stol ustida yoki soyada turgan piyolani tanib olishga qiynalayotgan robot uchun kerak boʻlishi mumkin.
Birinchi mijozlardan biri dunyo modellarini ishlab chiquvchi SpAItial boʻldi. Uning vositasi 2D tasvirlar asosida 3D simulyatsiyalar yaratadi, Physicl maʼlumotlaridan esa bunday mahsulotlarning aniqligini oshirishda foydalaniladi. Kompaniya faqat tayyor maʼlumotlar toʻplamlarini yetkazib berish bilan cheklanmay, modelning oʻqitilish holatiga qarab ularni muntazam yaratish vositalarini ham rivojlantirishni rejalashtirmoqda.






