Goldman Sachs 2028–2029-yillarda sunʼiy intellektning AQSh mehnat bozoriga taʼsiri sezilarliroq boʻlishini kutmoqda
Goldman Sachs iqtisodchilari ishdan boʻshatishlar darajasi yana bir yil past boʻlib qolishini, sunʼiy intellektning bandlikka sezilarliroq taʼsiri esa keyingi yillarda boshlanishini kutmoqda.

Goldman Sachsning AQSh iqtisodiyotining 2027-yildagi holatiga doir prognozida aytilishicha, mehnat bozori hozircha ishga qabul qilish sust va ishdan boʻshatishlar soni kam boʻlgan davrni boshdan kechirmoqda. Ishsizlik nafaqasini olish uchun yangi arizalarning toʻrt haftalik oʻrtacha koʻrsatkichi 195 000 tani tashkil etmoqda — bu ushbu koʻrsatkich qayd etila boshlaganidan beri eng past daraja.
Bank sunʼiy intellektni joriy etishning sezilarli oqibatlari iqtisodiyot sekinlashganidan keyin namoyon boʻladi, deb hisoblaydi. Goldman Sachs iqtisodchisi Jozef Briggs texnologiyalarga oʻtish jarayonida xodimlarning 9 foizigacha boʻlgan qismi ishidan siqib chiqarilishi mumkinligini baholagan. Uning fikricha, barqaror iqtisodiyotda avtomatlashtirish bandlikka kamroq taʼsir qiladi, ammo davriy iqtisodiy pasayish paytida bu jarayon tezlashadi.
Goldman prognoziga koʻra, 2027-yilda AQSh yalpi ichki mahsuloti 2,4 foizga oʻsadi — bu konsensus bahosidan yuqori — va retsessiya kutilmayapti. Shu sababli bank ish oʻrinlarining ehtimoliy qisqarishini keyingi yillarga taalluqli deb hisoblamoqda.
Biroq boshqa tadqiqotchilar butun iqtisodiyot boʻylab xodimlarning keng koʻlamda siqib chiqarilishini koʻrmayapti. Stenford raqamli iqtisodiyot laboratoriyasi qayd etishicha, hozircha sunʼiy intellektning taʼsiri ishdan boʻshatishlar koʻpayishida emas, balki avtomatlashtirishga eng zaif boʻlgan lavozimlarga yosh mutaxassislarni yollash qisqarishida kuchliroq namoyon boʻlmoqda. Tadqiqotchilar bu kuzatuvlar vaziyatni tasvirlashini, ammo sabab-oqibat bogʻliqligini isbotlamasligini taʼkidlamoqda.






