Yangi Samsung Galaxy S27 Pro Geekbench testidan oʻtdi. Smartfon haqida nimalar maʼlum
Samsungʻning boʻlajak flagmani ilk bor Geekbenchʼda paydo boʻldi: sinovdan oʻtkazilgan Galaxy S27 Pro 12 GB tezkor xotira va Exynos 2700 chipiga ega. Modellar qatori 2027-yil boshida taqdim etilishi kutilmoqda.

Sinovdan oʻtkazilgan Galaxy S27 Pro Geekbenchʼning bir yadroli testida 3061 ball, koʻp yadroli testida esa 10 967 ball toʻpladi. Qurilma Xclipse 970 grafikasi bilan jihozlangan oʻn yadroli Exynos 2700 (s5e9975) SoC protsessorida ishlaydi, protsessorning maksimal chastotasi 4,24 GGs ga yetadi. Smartfon Android 17 operatsion tizimidan foydalangan.
Qurilma SM-S957B raqami ostida sinovdan oʻtkazilgan. Katalog raqamiga koʻra, bu, ehtimol, jumladan Yevropa va Hindiston uchun moʻljallangan modelning xalqaro versiyasidir. Qurilmaning maʼlumotlar bazasida paydo boʻlganini insayder Bishek Yadav aniqladi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Galaxy S27 Pro Galaxy S27, S27 Plus va S27 Ultra bilan bir qatorda seriyaning toʻrtta modelidan biri boʻladi. Unga Ultraʼga yaqin, biroq ixchamroq korpusdagi va S Pen stilusisiz xususiyatlar nisbat berilmoqda. M16 materiali asosidagi, Privacy Display funksiyasiga ega 6,47 dyuymli OLED-displey, 200 va 50 Mp li asosiy kameralar hamda 16 Mp li oldingi datchik kutilmoqda.
TUV sertifikatsiyasi akkumulyatorning nominal sigʻimi 5087 mA·soat, odatiy sigʻimi esa 5240 mA·soat ekanini koʻrsatadi. 3C maʼlumotlariga koʻra, smartfon 60 Vt quvvatli simli quvvatlashni qoʻllab-quvvatlaydi; shuningdek, simsiz va teskari simsiz quvvatlash ham kutilmoqda.






