Bredli Task startaplarga investitsiyalarni ulush evaziga xizmatga almashtirdi
2025-yilda venchur investori Bredli Task odatdagi fond modelidan voz kechdi. Hozir uning firmasi qariyb 21 ta startapga xizmat koʻrsatib, pul oʻrniga ulush oladi.

2025-yilda Task anʼanaviy venchur fondi uchun kapital jalb qilish va uning investorlari bilan ishlashdan voz kechdi. Bungacha u uchta fond orqali $300 mln jalb qilgan. Endi Tusk Ventures kompaniyalarga litsenziya olish, tartibga solish masalalarini hal qilish va hokimiyat yangi bozorni toʻsib qoʻymasligiga potensial investorlarni ishontirishda yordam beradi.
Firma startaplarga kommunikatsiyalar boʻyicha ham maslahat beradi, shunda ular qimmat PR shartnomalariga pul sarflamaydi, shuningdek, asoschilarni boshqa kompaniyalar rahbarlari bilan tanishtiradi. Ushbu xizmatlar uchun Tusk Ventures oyiga $50,000–$200,000 miqdorida imtiyozli aksiyalar oladi. Mukofot miqdori startap bahosiga bogʻliq, bitta kompaniya bilan ish odatda 18 oy davom etadi.
Taskning aytishicha, aksiyalar koʻpincha xodimlar uchun rezerv qilingan paketdan ajratiladi va chiqarilgan aksiyalarning umumiy hajmining 2 foizidan kamini tashkil etadi. Agar startap jiddiy muammolarga duch kelsa, firma ishni toʻxtatib, yirik pul investitsiyasidan emas, faqat sarflangan vaqt va resurslardan ayrilishi mumkin.
Task bu yondashuvni «koʻlamdagi ulush evaziga xizmat fondi» deb ataydi. Uning fikricha, investitsiyalardan chiqishlar sekin kechayotgani, kompaniyalar bahosi yuqoriligi va foiz stavkalari oshayotgani fonida bunday model boshqa venchur firmalarini ham qiziqtirishi mumkin. Biroq uni ishga tushirish uchun katta kapital kerak: firma anʼanaviy fondlar odatda oladigan boshqaruv toʻlovlarisiz xodimlar mehnatiga haq toʻlashi lozim.






