Zumerlar rahbarlikka kelmoqda: Z avlodi menejerlar orasida bebi-bumerlardan oʻzib ketadi
Z avlodi vakillari AQSh ishchi kuchining deyarli choragini tashkil etadi va allaqachon rahbarlarning 12 foizini egallagan.

Bu Indeed va Glassdoor kompaniyalarining qoʻshma hisobotida qayd etilgan. Agar tendensiya saqlanib qolsa, kelgusi yilda ular nafaqaga chiqayotgan bebi-bumerlardan, 2033-yilda esa X avlodidan menejerlar soni boʻyicha oʻzib ketadi.
Zumerlarning katta yoshli vakillari 2027-yilda 30 yoshga toʻladi. Ularning mehnat faoliyati pandemiya, sunʼiy intellektning jadal yoyilishi va boshlangʻich lavozimlar uchun vakansiyalar qisqarishi davriga toʻgʻri keldi. Shunga qaramay, ular boshqalarga qaraganda koʻproq ish bilan taʼminlangan va xuddi shu yoshdagi millenniallarga nisbatan karyerasiga optimistikroq qaraydi, deya qayd etadi Indeed Hiring Lab vakili Lora Ulrix.
Millenniallar hozircha boshqaruv lavozimlarining 38 foizini egallab turibdi. Avlodlarning ustuvorliklari bir-biridan farq qiladi: millenniallarning uchdan biridan koʻprogʻi va zumerlarning 29 foizi masofadan ishlashni afzal koʻradi.
Zumerlarning 58 foizi murabbiyga ega boʻlishni xohlaydi, biroq ish beruvchi bunday imkoniyatni har toʻrtinchi zumerga taqdim etadi. Ular eng koʻp kommunikativ koʻnikmalarini rivojlantirishga intiladi. Ulrixning soʻzlariga koʻra, bunga pandemiya yillari taʼsir qilgan.
Bu oʻtish jarayoni hamma uchun ham oson kechmayapti. 22 yoshli britaniyalik Ben Uaybrou yoshi kattaroq hamkasblariga rahbar boʻldi, biroq koʻp oʻtmay avvalgi lavozimiga qaytishni soʻradi. U keyinroq boshqaruvga qaytishni rejalashtirmoqda, hozircha esa, uning aytishicha, yosh rahbarlarga qoʻllab-quvvatlash yetishmaydi.






