Nvidia aksiyalari 2019-yildan beri eng kuchli sotuv toʻlqinini boshdan kechirdi
6-oktabrdan beri chip kompaniyalari aksiyalari bozor qiymatining qariyb 5 trln dollarini yoʻqotdi. Seshanba kuni Nvidia oktabr inflyatsiyasi kutilganidan yuqori chiqqach, taxminan 6% arzonlashdi.

6-oktabrdan beri chip kompaniyalari aksiyalarining jami bozor qiymati qariyb 5 trln dollarga qisqardi — bu ularning avvalgi qiymatining taxminan choragiga teng. Sektor yoʻqotishlari shu davrda butun S&P 500 indeksidagi pasayishdan ham katta boʻldi.
Seshanba kuni Nvidia bozorga bosimning asosiy sabablaridan biriga aylandi: kompaniya bosh direktori Jensen Huang atrofidagi davom etayotgan mojaro fonida uning aksiyalari taxminan 6% ga tushdi. Nvidiaʼning nisbiy kuch indeksi 100 balldan 23 ballgacha pasaydi — bu 2019-yil iyunidan beri qayd etilgan eng past ortiqcha sotilganlik darajasi boʻldi.
Xotira ishlab chiqaruvchilari Micron va SanDisk aksiyalari, shuningdek, Arm ishlab chiquvchisining aksiyalari arzonlashdi. AMD va Broadcom esa bir kun avvalgi oʻsishdan keyin oʻz pozitsiyasini saqlab qoldi. Shu bilan birga, kompaniyalar bir xil ulushga ega boʻlgan teng vaznli S&P 500 atigi taxminan 0,2% ga pasaydi. Bu eng yirik aksiyalarning umumiy bozorga nisbatan sustroq dinamikasini koʻrsatadi.
Bozorlar kutilganidan yuqori chiqqan oktabr oyidagi isteʼmol narxlari indeksiga munosabat bildirdi. AQSh gʻaznachilik obligatsiyalari daromadliligi oshdi, treyderlar esa dekabr oyida foiz stavkasi oshirilishiga oid garovlarini kuchaytirdi.
BofA Securitiesʼda AQSh aksiyalari va miqdoriy strategiya yoʻnalishiga rahbarlik qiluvchi Savita Subramanian S&P 500 indeksining oʻzini xavfi yuqoriroq aktiv deb atadi. Bernstein tahlilchisi Steysi Rasgon esa, agar Huang lavozimida qolsa, Nvidia aksiyalarining pasayishi xarid qilish imkoniyatiga aylanishi mumkinligini taxmin qildi.






