Primary Wave va Kobalt kelishuv yakunlangach faoliyat qanday davom etishi haqida gapirdi
Kelishuvdan soʻng birlashgan kompaniya aktivlari taxminan $7 mlrdga baholandi. Shu bilan birga, Uitni Hyuston, Stivi Niks, Bob Marli va Prins kataloglariga egalik qiluvchi Primary Waveʼdan mustaqil ravishda Kobalt oʻz faoliyatini davom ettiradi.

Primary Wave asoschisi va bosh direktori Larri Mestel hamda Kobalt bosh direktori Loran Yuber kompaniyalar birlashmasdan va integratsiyalashmasdan hamkorlik qilishini maʼlum qildi. Primary Wave musiqiy kataloglar atrofida marketing, brending va yangi loyihalar yaratishga, Kobalt esa huquqlarni boshqarish va royalti yigʻishga eʼtibor qaratadi.
Mestel Primary Wave oʻz repertuarining imkon qadar katta qismini Kobaltning raqamli royalti toʻlovlarini bevosita yigʻish xizmati — AMRA orqali topshirishni rejalashtirayotganini aytdi. Hozir kompaniyada $7,5 mlrdlik aktivlar bor. Biroq butun katalog AMRAʼga oʻtkazilmaydi: Primary Wave Universal va boshqa hamkorlar bilan ishlashda davom etadi. Mestelning soʻzlariga koʻra, kompaniya amaldagi kelishuvlarni muddatidan oldin bekor qilmoqchi emas va bir oydan bir yilgacha boʻlgan qisqa muddatli shartnomalarni afzal koʻradi.
Kobalt tarkibiga, shuningdek, AMRA va anʼanaviy shartnomalar tuzishga hali tayyor boʻlmagan mualliflar uchun raqamli nashriyot xizmati — Kosign ham kiradi. Yuber daromad manbalari sonining koʻpayishi va mualliflik huquqlarining parchalanganligi musiqiy huquqlar bilan ishlash hajmini oshirganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, hisobotlar har chorakda shakllantirilgani sababli nashriyot maʼlumotlarni tezroq qayta ishlashi va hisob-kitoblar aniqligini saqlashi kerak.
Kelishuv 2025 yil yozidagi dastlabki muzokaralardan soʻng maʼqullandi. Uni muhokama qilish musiqiy bozor konsolidatsiyalashayotgan davrga toʻgʻri keldi: Universal Music Group, BMG va boshqa oʻyinchilar mustaqil musiqa kompaniyalari bilan kelishuvlar tayyorlayotgan edi.






