«Geologik anomaliya» — yirik neft kompaniyalarining litiyga yangi garovi
Standard Lithium Arkanzas janubidagi va Sharqiy Texasdagi Smackover qatlamida litiy qazib olish loyihasini tayyorlamoqda. Loyihaga EnergyX, ExxonMobil va Chevron ham qoʻshilmoqda.

Standard Lithium shu yil oxirlarida South West Arkansas Project (SWA) loyihasini tasdiqlashni, yiliga 22 500 tonna litiy ishlab chiqarish quvvatiga ega birinchi bosqich qurilishini esa 2027-yilning birinchi choragida boshlashni rejalashtirmoqda. Kompaniya oʻziga tegishli maydonlar katta ishlab chiqarish salohiyatiga ega, deb hisoblaydi.
Smackover qatlami litiy konsentratsiyasi noodatiy darajada yuqori boʻlgan yerosti suv qatlamidir. Hozir AQSh jahon litiy zaxiralarining 1 foizidan sal koʻprogʻini ishlab chiqaradi va bu metallni qayta ishlash hamda akkumulyatorlar ishlab chiqarishda yetakchi boʻlgan Xitoyga katta darajada qaram.
Mintaqadagi loyihalarga EnergyX ham qoʻshildi. Kompaniya allaqachon tajriba qurilmasini ishga tushirgan va quvvati 15 000 tonna boʻlgan Project Lonestar tijoriy obyektining qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda. ExxonMobil qatlamdagi eng katta maydonga egalik qiladi, Chevron esa katta hududlarni sotib olgan.
Smackover qatlamini oʻzlashtirish uchun litiydan toʻgʻridan-toʻgʻri ajratib olish texnologiyasi (DLE) talab etiladi. Kompaniyalar quduqlar orqali shoʻr eritmani chiqarib oladi, undan litiyni ajratadi va qayta ishlaydi, qolgan suyuqlikni esa yer ostiga qaytaradi. Bunday yondashuv qatlamni gidravlik yorishni talab qilmaydi va yirik bugʻlatish havzalarisiz ishlash imkonini beradi.
Standard Lithium bosh direktori Devid Park konni litiy konsentratsiyasi yuqori ekani sabab «geologik fenomen» deb atadi. Shu bilan birga, BMO Capital Markets tahlilchisi Maks Yerril DLE texnologiyasining tijoriy samaradorligi hozircha isbotlanmagan, deb hisoblaydi. Uning soʻzlariga koʻra, loyihalar oʻnlab yillarga moʻljallangan, shu bois ularning istiqbolini uzoq muddatli nuqtayi nazardan baholash kerak.






