NBA mavsumning birinchi oyida tomoshabinlar soni boʻyicha tarixiy rekord oʻrnatdi
NBA rasmiy sayti maʼlumotlariga koʻra, muntazam chempionatning birinchi oyi liga tarixida televideniye tomoshabinlari soni boʻyicha eng muvaffaqiyatli davr boʻldi.

2026/2027-yilgi mavsumning dastlabki toʻrt haftasida AQShda NBA oʻyinlarini 75 mln nafardan ortiq kishi tomosha qildi. Bu avvalgi chempionatning xuddi shu davriga nisbatan 20 foizga koʻp.
Umummilliy translyatsiyalarni oʻrtacha 2,62 mln tomoshabin kuzatdi — bu bir yil avvalgidan 37 foizga koʻp. Bu ham liga rekordi hisoblanadi, biroq 1998/1999 va 2011/2012-yilgi mavsumlar bundan mustasno: ikkala mavsum ham lokautlar sabab qisqartirilgan.
NBAʼning ijtimoiy tarmoqlardagi videolari rekord darajadagi 45 mlrd marta koʻrildi. Mintaqaviy translyatsiyalar auditoriyasi 24 foizga oshdi. NBA ilovasi va NBA League Pass platformasidagi jonli efirlar esa birdaniga 50 foizga koʻpaydi.
Eng tez oʻsayotgan auditoriya — yoshlar. 18–34 yoshdagi tomoshabinlar soni 50 foizga, 2–17 yoshdagi bolalar va oʻsmirlar soni esa 57 foizga oshdi.






