Oura birlamchi tibbiyot boʻyicha Counsel Health AI startapini $625 mln ga sotib oladi
Oura Counsel Healthʼni $625 mln ga sotib olishini eʼlon qildi. Tibbiy AI xizmati Oura ilovasiga allaqachon integratsiya qilingan, bitimni 2027 yil oxirigacha yopish rejalashtirilmoqda.

Eʼlon qilingan bitim qiymati 625 mln dollarni tashkil etadi. Counsel Health tibbiy chatbotni litsenziyaga ega shifokorlar maslahatlari bilan birlashtiradi: foydalanuvchilar shaxsiy tavsiyalar olishi, zarur boʻlsa, mutaxassis bilan bevosita Oura ilovasida bogʻlanishi mumkin.
Counsel xizmati ilovada iyun oyida paydo boʻlgan. Bitimdan soʻng kompaniyalar shu asosda profilaktik, shoshilinch, ixtisoslashtirilgan va surunkali tibbiy yordamni rivojlantirmoqchi. Counsel Oura auditoriyasidan tashqarida tibbiy AI modelini yoyish uchun amaldagi va yangi korporativ mijozlar bilan ishlashda davom etadi.
Counsel Health bosh direktori Muthu Alagappan startap jamoasi bilan birga Ouraʼga klinik AI direktori lavozimiga oʻtadi. Counsel maʼlum qilishicha, klinik qarorlar qabul qilishda shifokorlar ishtirok etishda davom etadi, Oura maʼlumotlari esa ularga biometrik koʻrsatkichlar dinamikasi va foydalanuvchilarning jalb qilinganlik darajasini hisobga olishga yordam beradi.
Bu eʼlon Oura IPO bozoridagi noaniqlikni sabab qilib, aksiyalarni birlamchi joylashtirishni nomaʼlum muddatga kechiktirganidan bir necha hafta oʻtib yangradi. Shu bilan birga, kompaniya 30 sentabrda yakunlangan chorakda tushumi yillik hisobda 153 foizga oshib, 533 mln dollarga yetganini bildirdi.






