The Motley Fool nashrida aytilishicha, bozor qulaganida Nvidia asosiy xarid boʻlishi mumkin
Material muallifi Nvidia aksiyasini bozor qulaganidan keyin boshqalarga qaraganda tezroq tiklanadigan aksiya deb hisoblaydi. U bunga dalil sifatida sunʼiy intellekt chiplari uchun talab va kompaniyaning moliyaviy resurslarini keltiradi.

S&P 500 indeksi kapitallashuvining qariyb 10 foizi sunʼiy intellektni ishlab chiqish bilan bevosita bogʻliq, yana 40–50 foizi esa bilvosita ushbu sohaga qaram. Shu sababli bozor pasayganida, The Motley Fool muallifining fikricha, sunʼiy intellekt aksiyalari, ehtimol, birinchi boʻlib arzonlashadi. Biroq uning fikricha, bunday ssenariyda Nvidia eng yaxshi xaridga aylanadi.
Hozir kompaniyaning daromadi va foydasi yiliga taxminan 100 foizga oʻsmoqda, yaqin yillarda esa yillik oʻsish 50–100 foizni tashkil etishi mumkin. Shu bilan birga, CEOning keskin almashtirilishi, tartibga solish bilan bogʻliq xatarlar va doiraviy moliyalashtirish haqidagi ayblovlar sabab Nvidia aksiyalarining P/E koeffitsiyenti 16,2 gacha, forvard P/E koeffitsiyenti esa 9,6 gacha tushdi.
Oʻtgan chorakda kompaniya 43 mlrd dollar erkin pul oqimi ishlab topdi. Aksiyalarni qayta sotib olish dasturi boʻyicha uning tasarrufida yana 227 mlrd dollar qolgan. Inqiroz sharoitida bu Nvidiaʼga aksiyalarni chegirma bilan qayta sotib olish, ishlab chiqish ishlanmalariga kiritiladigan investitsiyalarni oshirish va raqiblarini sotib olish imkonini beradi.
Muallif McKinsey tadqiqotiga tayanadi: moliyaviy ahvoli mustahkam kompaniyalar iqtisodiy pasayishlardan ancha kuchliroq chiqadi. BlackRock esa sunʼiy intellekt hisoblashlariga boʻlgan talab eksponensial surʼatda oʻsayotganini va hozircha sekinlashuv belgilari yoʻqligini qayd etadi.






