Oʻzbekiston va Turkiya kimyo sanoati loyihalarini muhokama qildi
Biznes-forum va Oʻzbekiston–Turkiya Kengashining ilk yigʻilishida tomonlar kimyo sohasidagi qoʻshma loyihalarni, jumladan xomashyo, kosmetika va organik birikmalar ishlab chiqarishni muhokama qildi.

Toshkentda oʻzbek-turk biznes-forumi va Ishbilarmonlik hamkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oliy kengashning ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Kompaniyalar vakillari B2B va G2B formatlarida muzokaralar oʻtkazib, savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish masalasini koʻrib chiqdi.
«Oʻzkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi Nakkaş Holding, Evyap, Gentaş Kimya, Akdeniz Çemson Kimya va Hektaş vakillari bilan uchrashdi. Qurilish, mebelsozlik va avtomobil sanoati uchun kimyoviy xomashyo, shuningdek, shaxsiy gigiyena vositalari, kosmetika va organik kimyoviy birikmalar ishlab chiqarish muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ishtirokchilar hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, investitsiyaviy tashabbuslarni tayyorlash va ehtimoliy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi. «Oʻzkimyosanoat»da bunday aloqalar xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mahalliy korxonalar raqobatbardoshligini oshirishga yordam berishi aytildi.






