XVJ Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishi prognozini 7,8 foizga oshirdi
XVJ Oʻzbekiston iqtisodiyotining 2026-yildagi oʻsishi prognozini 6,8 foizdan 7,8 foizga oshirdi. 2027-yilda YAIM oʻsishi 6,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

Toshkentda mintaqaviy iqtisodiy prognoz taqdimotida XVJning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze jamgʻarmaning yangilangan baholarini taqdim etdi. 2026-yil prognozi iqtisodiy faollik yilning dastlabki toʻqqiz oyida kutilganidan yuqori boʻlgach qayta koʻrib chiqildi.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilovning maʼlum qilishicha, yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston YAIMi 8,3 foizga oʻsdi. Oltin hisobga olinmagan eksport shu davrda 32 foizga oshdi.
XVJ bahosiga koʻra, mamlakatda ichki talab yuqori boʻlishiga qaramay, inflyatsiya sekinlashmoqda. 2025-yil oxirida u 7,3 foizni tashkil etgan boʻlsa, oktabr oxiriga kelib yillik hisobda taxminan 6,5 foizgacha pasaydi. Shu davrda bazaviy inflyatsiya 5,7 foizdan 5,6 foizga qisqardi. Gvenetadze bu dinamikani milliy valyutaning mustahkamlanishi va Markaziy bankning qatʼiy pul-kredit siyosati bilan bogʻladi.
Jamgʻarma 2027-yil uchun inflyatsiya 5 foiz darajasida boʻlishini prognoz qilmoqda. Bu koʻrsatkich Markaziy bankning maqsadli moʻljaliga mos keladi. XVJ vakillari, shuningdek, hozirgi davrni keyingi islohotlarni amalga oshirish, mamlakat raqobatbardoshligini oshirish va oʻsib borayotgan yosh aholi uchun ish oʻrinlari yaratish uchun qulay deb hisoblamoqda.
XVJ missiyasi Oʻzbekistonda 16-noyabr kuni ish boshlaydi. Yangilangan prognozni noyabr oxirida press-relizda eʼlon qilish rejalashtirilgan. Gvenetadzening soʻzlariga koʻra, hujjatda katta oʻzgarishlar kutilmayapti, biroq ayrim tuzatishlar boʻlishi mumkin.






