PepsiCo Shimoliy Amerikadagi qiyinchiliklar sabab qariyb 1 000 ish oʻrnini qisqartiradi
PepsiCo ichki bozordagi sust savdolar fonida kelgusi hafta Shimoliy Amerikada qariyb 1 000 ta ish oʻrnini qisqartiradi.

PepsiCo kelgusi hafta davomida Shimoliy Amerikada qariyb 1 000 xodimini qisqartiradi. Kompaniya operatsion jarayonlarni soddalashtirish va mintaqaviy biznes jamoalari oʻrtasidagi hamkorlikni yaxshilashni rejalashtirmoqda.
PepsiCo North America bosh direktori Ram Krishnan xodimlarga boʻlinma ish jarayonlarini tezlashtirishi va samaradorlikni oshirishi, shu bilan birga xodimlar, kompetensiyalar va brendlarga sarmoya kiritishda davom etishi kerakligini aytdi. 27-dekabr holatiga koʻra, PepsiCoʻda butun dunyo boʻylab qariyb 306 000 kishi, jumladan, AQShda taxminan 125 000 kishi ishlagan.
Oktyabr oyida kompaniya ichki bozordagi muammolarni sabab qilib, butun yil uchun foyda prognozini pasaytirdi. Uchinchi chorakda PepsiCoʻning Shimoliy Amerikadagi ichimliklar savdosi hajmi 2 foizga kamaydi, oziq-ovqat boʻlinmasida esa hajm oʻzgarmadi.
Kompaniya avval ham narxlarni pasaytirish va marketing xarajatlarini oshirish orqali talabni qoʻllab-quvvatlashga uringan. Moliya direktori Stiv Shmitt biznesni tiklash kutilganidan koʻproq vaqt olayotganini taʼkidladi.






