Oʻzbekiston Xitoyga aviaqatnovlar sonini oshiradi
Oʻzbekiston va Xitoy aviatsiya maʼmuriyatlari ikki davlat oʻrtasidagi muntazam reyslarni haftasiga 100 tadan 114 tagacha oshirish huquqini beruvchi hujjatlarni imzoladi.

Qaror Toshkentda boʻlib oʻtgan «Markaziy Osiyo — Xitoy» (C5+1) formatidagi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik boʻyicha ishchi guruhning uchinchi yigʻilishidagi muzokaralar yakunida qabul qilindi.
Ishtirokchilar havo qatnovlarini rivojlantirish, bozorni liberallashtirish, meʼyoriy talablarni muvofiqlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi. Infratuzilma, parvozlar xavfsizligi, qoʻshma loyihalar hamda «Havo ipak yoʻli»ni yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishini 2027-yilda Qirgʻizistonda oʻtkazish rejalashtirilmoqda.






