Skydance Warner Bros. Discovery bilan kelishuvdan keyingi ilk hisobotini taqdim etdi
Kompaniya 6-oktabrda yopilgan 81 mlrd dollarlik kelishuvdan keyingi III chorak hisobotini eʼlon qildi. Paramount Skydance daromadi qariyb 7 mlrd dollar, Paramount+ daromadi esa 21% oshdi.

Hisobot Paramount Skydanceʼning Warner Bros. Discovery bilan birlashganidan keyingi ilk hisoboti boʻldi. Kelishuv toʻrtinchi chorakda yakunlangani sababli uning koʻrsatkichlari hali konsolidatsiyalangan hisobotga kiritilmagan; bu kelasi yil boshida kutilmoqda.
Paramount+ daromadining yillik oʻsishi 21% gacha tezlashdi, bir obunachiga toʻgʻri keladigan daromad esa qariyb 14% oshdi. Studiya yoʻnalishi daromadi 23% koʻpaydi — bunga asosan kontentni ikkilamchi bozorda litsenziyalash va tashqi buyurtmachilar uchun loyihalar ishlab chiqarish sabab boʻldi. Ayni paytda televizion biznes daromadi reklama va hamkorlik tushumlarining qisqarishi, shuningdek, pullik televideniye tomoshabinlari sonining kamayishi fonida 7% pasaydi.
Birlashuvdan keyin kompaniya bir nechta maqsadni belgiladi: uch yil ichida kamida 6 mlrd dollarlik sinergiya olish, sof qarzning EBITDAga nisbatini 2029-yil oxirigacha 3,0x gacha tushirish va investitsion reytingga mos koʻrsatkichlarga erishish. Skydance 2027-yil boshida HBO Max va Paramount+ning birlashtirilgan taklifini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya, shuningdek, shtatlarning bosh prokurorlari bilan nizoni hal qilishning besh yillik davrida yiliga 30 ta film chiqarish, keyinchalik bu koʻrsatkichni 32 taga oshirish niyatini bildirdi. Uning rahbariyati yiliga jami 70 mlrd dollar daromad olishga umid qilmoqda, kelishuvdan keyingi qarz yuki esa 80 mlrd dollardan oshadi.
Tahlilchilar integratsiya va qarz yukining xatarlari borasida turlicha fikrda. Ayrimlar birlashtirilgan kontent kutubxonasi koʻlamini ustunlik deb hisoblaydi, boshqalar esa xatolar uchun zaxira kamligi, televizion tarmoqlarni boshqarish, distribyutorlar bilan muzokara olib borish va qarzni qisqartirishdagi qiyinchiliklardan ogohlantirmoqda.






