Jahon gaz taʼminoti inqirozi fonida AQShdan LNG oqimlari rekord darajaga yetdi
Oʻsish Yevropa va Osiyo bozorlariga joʻnatmalar hajmi oshgani bilan bogʻliq

Dam olish kunlari AQShdagi LNG obyektlariga quvurlar orqali yoʻnaltirilgan gaz oqimlari 21,8 mlrd kub futga yetdi — bu bir yil avvalgi darajadan 12 foiz yuqori. Bu haqda BloombergNEF maʼlum qildi.
Golden Passʼga yoʻnaltirilgan oqim ham rekord darajaga chiqdi, Sabine Passʼga yetkazib berish esa 2026-yil aprelidan beri eng yuqori koʻrsatkichga yetdi.
AQShdagi yangi loyihalar quvvatlarni oshirmoqda, amaldagi suyultirish qurilmalari esa eksportni koʻpaytirmoqda. Yevropa va Osiyodagi xaridorlar Ormuz boʻgʻozidan oʻtishi shart boʻlmagan mavjud LNG partiyalarini qoʻlga kiritish uchun raqobatlashmoqda.
Erondagi urush Qatar LNG eksportini sezilarli darajada qisqartirdi: Qatardan Yevropa va Osiyoga yetkazib beriladigan gaz ushbu yoʻnalish orqali oʻtishi kerak. AQShning qoʻshimcha hajmlari Qatar yetkazib berishlarisiz va 2027-yil 1-yanvardan Rossiya LNG importiga qoʻyilgan taqiq fonida qishga kirayotgan Yevropa bozorini qisman qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Yevropaning gaz tizimi zaifligicha qolmoqda: Ormuz boʻgʻozi orqali yetkazib berish hajmi hozircha urushdan oldingi darajadan ancha past, QatarEnergy esa taʼminot boʻyicha fors-major holatini kamida 2026-yil dekabri oxirigacha uzaytirdi. Gas Infrastructure Europe maʼlumotlariga koʻra, Yevropadagi gaz omborlari 70,5 foizga toʻldirilgan, gaz olish boshlanganidan keyin esa zaxiralar Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlarida allaqachon kamaymoqda.






