Fransiya sudi Rossiya daʼvosi sabab Google aktivlarini 1,9 mlrd yevroga xatladi
Google France 1,9 mlrd yevrolik aktivlari va majburiyatlarini zudlik bilan taʼminlovchi xatlash haqidagi buyruqni oldi. Chora Rossiyaning «Gugl» MChJ daʼvosi Parijda koʻrilishidan oldin joriy etildi.

1,9 mlrd yevrolik xatlov Google France aktivlari hamda uning Google Ireland Limited oldidagi moliyaviy majburiyatlariga taalluqli. Taʼminlovchi chora Rossiyaning «Gugl» MChJ Moskvadagi Arbitraj sudining 170 mlrd rubl undirish haqidagi qarorini Fransiyada tan oldirishni talab qilgani sabab joriy etildi.
Rossiya sudlari 2018 yilda tushumni taqsimlash formulasi oʻzgargach, Rossiyaning «Gugl» kompaniyasiga tegadigan ulush qariyb 10 baravar kamayganini aniqladi. Ularning qaroriga koʻra, bu joriy va kelgusidagi tushumning Rossiyadan olib chiqilishiga, keyinchalik esa kompaniyaning bankrot boʻlishiga olib kelgan. Xatlov talab qilish huquqlarining Googleʼning boshqa tuzilmalariga oʻtkazilishiga toʻsqinlik qilishi kerak. Keyingi bosqichda ariza mazmunan koʻrib chiqiladi. Google France va Google Ireland Limited choradan shikoyat qilishi mumkin; agar u saqlab qolinsa, undirish rossiyalik kreditorlarning talablarini qoplashga yoʻnaltiriladi.






