Oʻzbekiston prezidenti Turkiya bilan hamkorlik ustuvor yoʻnalishlarini aytdi
Biznes hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turk kompaniyalarini sanoat, infratuzilma va moliyadagi qoʻshma loyihalarga taklif qildi.

2026–2027-yillarda Oʻzbekiston umumiy qiymati 8,4 mlrd dollar boʻlgan davlat aktivlari, koʻchmas mulk va yer uchastkalarini sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Turk banklari, fondlari va sanoat kompaniyalariga xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklik hamda infratuzilma loyihalarida qatnashish taklif qilindi.
Ustuvor yoʻnalishlar togʻ-kon sanoati, xomashyoni qayta ishlash, energetika va elektrotexnika deb belgilandi. Mamlakat 2030-yilgacha elektrotexnika mahsulotlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazmoqchi. Turk kompaniyalariga elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va boshqa uskunalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Yangi Toshkentda investorlar turar joy va tijorat majmualari, mehmonxonalar, taʼlim hamda tibbiyot muassasalarini qurishga taklif qilindi. Aeroportlar, pulli yoʻllar, logistika markazlari, qishloq xoʻjaligi va suvni tejovchi texnologiyalar ham muhokama qilindi.
Mirziyoyev turk farmatsevtika kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etish va tibbiy mahsulotlarni mahalliylashtirishni rivojlantirishni taklif qildi. Raqamli sohada autsorsing, dasturiy taʼminot ishlab chiqish va sunʼiy intellekt boʻyicha qoʻshma loyihalar koʻrib chiqildi. Turk moliya tashkilotlariga bank sektorini isloh qilish va xususiylashtirishda qatnashish taklif etildi.






