Andijonda bank xodimi 3,2 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni oʻzlashtirdi
Tergov maʼlumotlariga koʻra, Andijondagi bank xodimi mijozlar hisobvaraqlaridan 3,2 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni oʻzlashtirib, uni qimor oʻyinlariga sarflagan. Ish materiallari sudga yuborildi.

Andijonda bank xodimi mijozlar hisobvaraqlaridan 3,2 mlrd soʻmdan koʻproq mablagʻni yechib olgan. Bu qariyb 250 ming dollarga teng. U barcha pullarni internetdagi qimor oʻyinlariga sarflagan. Bu haqda shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining tergov boʻlinmasi xabar berdi.
Erkak bankda xalqaro pul oʻtkazmalari uchun moʻljallangan hisobvaraqlar bilan ishlagan. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, u mijozlarning pullarini xorijdagi bank kartasiga oʻtkazib kelgan. Tergov aniqlashicha, u jami mablagʻni qimor oʻyinlariga sarflab yuborgan.
Bank xodimiga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi — juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Unga ayblov eʼlon qilinib, qamoqqa olingan.
Tergov harakatlari yakunlangan va ish sudga yuborilgan.






