Roku aqlli uy qurilmalari savdosini toʻxtatib, strimingga eʼtibor qaratadi
Roku Fox bilan 22 mlrd dollarlik bitim yakunlanganidan bir necha kun oʻtib, aqlli uy qurilmalari savdosini toʻxtatmoqchi. Roku Smart Home mahsulotlari qoʻllab-quvvatlanadi.

Roku Fox kompaniyani 22 mlrd dollarga sotib olish bitimini yakunlaganidan bir necha kun oʻtib, aqlli uy qurilmalari savdosini toʻxtatmoqchi. Kompaniya striming platformasi va unga bogʻliq texnikaga eʼtibor qaratishni rejalashtirmoqda.
Roku internet-doʻkonida hozir faqat ikkita model — Indoor Camera 360° kamerasi va Video Doorbell & Chime videodomofoni bor. Ular maxsus takliflar asosida sotilmoqda. Yorugʻlik lentalari va lampalar, simsiz videodomofon, boshqa kameralar, aqlli rozetkalar hamda uyni kuzatish tizimi mavjud emas deb koʻrsatilgan. Koʻplab qurilmalar boshqa sotuvchilarda ham yoʻqolgan, Amazonʼda esa faqat qayta tiklangan modellar mavjud.
Roku vakilining aytishicha, kompaniya uskunalar savdosini bosqichma-bosqich qisqartirmoqchi, biroq Roku Smart Home mahsulotlarini qoʻllab-quvvatlash va ularga xizmat koʻrsatishni davom ettiradi. Savdoni toʻxtatishning aniq muddati aytilmadi.
Roku aqlli uy bozoriga 2022 yilda Wyze qurilmalarining nomi oʻzgartirilgan versiyalari bilan kirib kelgan, oʻz uskunalarini esa oʻtgan yili ishlab chiqara boshlagan. Soʻnggi oylarda kompaniya bu yoʻnalishga eʼtiborini bosqichma-bosqich kamaytirib, choraklik hisobotlarda bunday qurilmalarni tilga olishni toʻxtatdi.
Fox nazoratiga oʻtishidan oldingi soʻnggi hisobotida Roku uchinchi chorakda qurilmalardan tushgan tushum yilma-yil 33 foizga oshganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, apparat biznesidagi zarar 22,9 mln dollardan 48,6 mln dollargacha oshdi. Kompaniya yoʻqotishlar, asosan, xotira komponentlariga xarajatlar koʻpaygani sabab oshganini bildirdi. Roku, shuningdek, oʻz televizorlari oʻtgan chorakda kutilganidan yaxshi natija koʻrsatganini maʼlum qildi; shundan keyin kompaniya ilk OLED modellarini taqdim etdi.






