Oʻzbekiston MB UZONIAga bogʻlangan kredit va omonatlarni taklif qiladi
Oʻzbekiston Markaziy banki UZONIAga bogʻlangan oʻzgaruvchan stavkali kredit va omonatlarni ishlab chiqmoqchi. Tashabbus 2027–2029-yillar siyosati loyihasiga kiritilgan.

Oʻzbekiston Markaziy banki stavkalari oldindan kelishilgan formula boʻyicha oʻzgaradigan bank mahsulotlarini bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirmoqda. Tashabbus pul bozoridagi oʻzgarishlarning banklar va ularning mijozlariga oʻtishini tezlashtirishi kerak.
Taklif etilayotgan mexanizmga koʻra, kredit stavkasi UZONIA qiymati va bankning belgilangan ustamasi yigʻindisi sifatida hisoblanadi. Regulyator misol sifatida UZONIA 14% va ustama 5 foiz punkt boʻlgan holatni keltiradi: yakuniy stavka yillik 19%ni tashkil etadi. Indikator pasaysa, qarz oluvchining xarajatlari kamayishi, oshsa esa koʻpayishi mumkin. Xuddi shunday yondashuv omonatlarga ham qoʻllanishi mumkin.
Bunday mahsulotlarning parametrlari hozircha belgilanmagan. Loyiha stavkalarni qayta koʻrib chiqish davriyligi, ustamalar miqdori hamda mexanizm taalluqli boʻladigan kredit va omonat toifalarini koʻrsatmaydi. UZONIAga bogʻlash banklarga allaqachon tuzilgan shartnomalar shartlarini bir tomonlama oʻzgartirishga ham imkon bermaydi — bunga «Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida»gi qonunning 62-moddasi cheklov qoʻyadi.
UZONIA banklarning soʻmdagi qisqa muddatli qarzlari qiymatini aks ettiradi va amalda tuzilgan banklararo bitimlar asosida hisoblanadi. 2025-yil avgustidan boshlab hisob-kitobda davlat qimmatli qogʻozlari bilan taʼminlangan bir kunlik REPO operatsiyalari ham inobatga olinadi. Regulyator indikatorning 7, 30, 90 va 180 kunlik qiymatlarini ham eʼlon qiladi.
Xatarlarni boshqarish uchun Markaziy bank banklarning operatsion tizimlariga foiz xatarlarini har kuni baholash mexanizmini joriy etishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, valyuta birjasining banklararo platformasida UZONIAga bogʻlangan foiz svoplarining indikativ kotirovkalari eʼlon qilinadi. Banklar uchun uslubiy materiallar va oʻquv seminarlari ham tayyorlanadi.






