Oʻzbekiston va Kanada sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Kanada elchisi Kristofer Daggan raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, startaplar va kadrlar tayyorlashni muhokama qildi.

Toshkentdagi uchrashuvda tomonlar raqamli va axborot texnologiyalari hamda startaplarni rivojlantirishni muhokama qildi. Shermatov IT-kompaniyalar uchun sharoitlar, soliq imtiyozlari va IT Park rezidentlari imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Vazirlikka koʻra, ular orasida 11 ta Kanada kompaniyasi roʻyxatdan oʻtgan.
Ishtirokchilar masofaviy xizmatlar eksporti va mamlakat kadrlar salohiyatidan foydalanishni koʻrib chiqdi. Kanada kompaniyalariga Oʻzbekistonda biznes ochish, mintaqaviy boshqaruv ofislarini tashkil etish va mahalliy mutaxassislarni yollash taklif qilindi.
Sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston 5 mln aholi orasida bu sohadagi bilim va koʻnikmalarni oshirish tashabbusini taqdim etdi. U Coursera bilan hamkorlikni hamda sunʼiy intellekt yechimlarini taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligiga joriy etishni qamrab oladi.
Tomonlar sunʼiy intellektning iqtisodiy samaradorligini baholash tajribasi bilan almashish, ekspertlar uchrashuvlarini oʻtkazish, Kanada akseleratorlari, venchur fondlari va texnologik kompaniyalarini jalb etish masalalarini koʻrib chiqdi. Akademik almashinuv, davlat xizmatchilari malakasini oshirish va taʼlim muassasalari hamkorligi ham muhokama qilindi. Daggan yangi qoʻshma loyihalarga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.






