Trampning Eron haqidagi bayonotidan soʻng Brent qisqa muddatga $94 ga yetdi
Brent AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonga Eron bilan kelishuv endi kerak emasligini aytgach, qisqa muddatga $94 gacha koʻtarildi. Keyin oʻsishning bir qismi boy berildi.

Ertalab oxiriga kelib Brent barreli qariyb $94 atrofida sotildi va taxminan 1,1 foizga oshdi. Bozor Trampning mojaro yakunlanishi va Eron bilan diplomatik kelishuvga erishilishi mumkinligiga oid bir necha ishorasidan keyingi yangi bayonotiga munosabat bildirdi.
Dushanba kuni AQSh prezidenti urush harbiy jihatdan amalda yakunlanganini aytdi, yangi zarbalar ehtimoli pastligini taʼkidladi va mojaro toʻxtashiga umid bildirdi. 2 noyabr kuni Tramp kelishuv yaqin orada tuzilishi mumkinligi hamda Eron kelishishni istayotganini aytgandi. Shu fonʼda Brent barreli oktabrdagi $118 maksimumdan qariyb 25 foizga pasaydi: treyderlar geosiyosiy xatar ustamasini qayta koʻrib chiqdi.
Payshanba kuni Tramp AQShga Eron bilan kelishuv endi kerak emasligini, Vashington Eron pullari va Hormuz boʻgʻozini nazorat qilayotganini aytdi. Tehron esa oʻz pozitsiyasini yumshatishga tayyorligini namoyish etmadi. Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Mohsen Rizoiy mamlakat uran bilan boyitilgan materiallarni mamlakat tashqarisiga olib chiqmasligini bildirdi.
Eron, shuningdek, ikki kun ichida portlashlar toʻrtta tankerni, jumladan, goʻyoki ruxsat etilmagan yoʻnalishlardan foydalanishga uringan supertankerlarni shikastlaganini daʼvo qildi. Bu xabarlar mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
Bu orada Yaqin Sharq nefti yetkazib berilishi qayta tiklandi. Saudiya Arabistoni oktabr oyida qazib olish hajmini 26 foizga oshirganini maʼlum qildi, Iroq ham ishlab chiqarishni koʻpaytirdi. Qoʻshimcha hajmlar narxlarga bosim qilmoqda, biroq tashish hanuz muqobil yoʻnalishlar, kemadan kemaga yuk koʻchirish va harbiy kuzatuvga bogʻliq. Shu bois neftning amalda mavjudligi uni tashish sharoitlariga qaraganda tezroq yaxshilanmoqda, fyucherslar esa diplomatik bayonotlar va tankerlar uchun tahdidlarga sezgirligicha qolmoqda.






