Xedj-fondlar aksiyalarga sarmoyani qisqartirmoqda, ammo hammasi ham ergashmayapti
Goldman Sachs mijozlari besh hafta aksiyalarga sarmoyani qisqartirdi, oʻtgan hafta ETFdagi qisqa pozitsiyalarini 19 foiz punktiga oshirdi. Uzoq muddatli investorlar aksiyalar ulushini yuqori saqlamoqda.

Goldman Sachs mijozlarining ETF boʻyicha qisqa pozitsiyalari oʻtgan hafta oʻn yil ichidagi haftalik oʻsishlar orasida uchinchi eng kattasiga aylandi. Bank podkastida Prime Insights and Analytics boʻlimi hamrahbari Vinsent Lin xedj-fondlarning ehtiyotkorligini noaniqlik va savdo natijalarining zaifligi bilan bogʻladi.
Avvalgi oyda birja fondlari va oʻzaro fondlar aksiyalar arzonlashganiga qaramay, 150 mlrd dollar jalb qildi. Linning baholashicha, «tezkor mablagʻlar» — xedj-fondlar va impuls ortidan boruvchi treyderlarning pozitsiyalari tarixiy minimumlarga yaqin, «sekin mablagʻlar»ning, jumladan, pensiya hisoblari va oʻzaro fondlarning kiritmalari esa nisbatan yuqori darajada qolmoqda.
Aksiyalar narxi koʻtarilishi va pasayishidan daromad oladigan xedj-fondlarning daromadliligi yil oʻrtalaridagi qariyb 17 foizdan dushanbaga kelib 7 foizgacha tushdi. Noaniqlik sunʼiy intellektga kiritilgan investitsiyalarning daromadlilik istiqbollari va AQShdagi foiz stavkalari bilan ham bogʻliq. Yil oxiriga kelib, menejerlar kapitalni saqlashga eʼtiborini jamlagan. Narxlar barqarorlashsa yoki oshsa, xaridlar tiklanishi mumkin.






