«Oʻzbekgidroenergo» va YETB hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi
«Oʻzbekgidroenergo» va Yevroosiyo taraqqiyot banki gidroenergetika sohasidagi uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni kengaytiradi. Memorandum loyihalar portfeli va davlat kafolatlarisiz moliyalashtirishni nazarda tutadi.

«Oʻzbekgidroenergo» va Yevroosiyo taraqqiyot banki oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. 25 noyabr kuni kompaniya boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov bank boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Tomonlar gidroenergetikadagi investitsiyaviy loyihalarni, jumladan, yangi GESlar qurilishi, amaldagi GESlarni modernizatsiya qilish hamda yirik gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalarini tashkil etishni muhokama qildi. Dastur qiymati taxminan 3,7 mlrd dollarni tashkil etadi, gidroelektr stansiyalari quvvatini esa 2032 yilgacha 5 538 MVtgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Ustuvor yoʻnalishlar qatoriga Pskom va Chorvoq GESlari, Verxnetopalang gidroenergetika zonasi hamda «JFK-5» GES loyihasi kiradi. YETB, shuningdek, 2031 yilgacha Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar uchun 3 mlrd dollargacha yoʻnaltirishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Tomonlar yoʻl xaritasini tayyorlash va moliyalashtirish shartlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.






